Qashqadaryo viloyatidagi Milliy gvardiya Chavandozlar maktabida o‘quvchi-sportchilar bilan ot sportining to‘siqlardan sakrash (konkur) yo‘nalishi bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot jarayonlari tasdiqlangan yillik va oylik reja asosida, bosqichma-bosqich tashkil etilmoqda.
Mashg‘ulotlar dastlabki tayyorgarlik bosqichidan boshlanib, unda yosh chavandozlarga ot bilan muomala madaniyati, xavfsizlik qoidalari, otni parvarishlash va jilovlash ko‘nikmalari o‘rgatiladi. Shundan so‘ng umumiy jismoniy tayyorgarlik mashqlari — chidamlilik, epchillik, muvozanat va tezkorlikni rivojlantirishga qaratilgan mashg‘ulotlar olib boriladi.
Keyingi bosqichda sportchilar maxsus tayyorgarlikka o‘tib, past balandlikdagi to‘siqlardan to‘g‘ri va xavfsiz sakrash texnikasini o‘zlashtiradilar. Murabbiylar nazorati ostida ot va chavandoz o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlash, sakrash vaqtida to‘g‘ri holatni saqlash, masofani to‘g‘ri hisoblash kabi muhim jihatlarga alohida e’tibor qaratiladi.
Yuqori bosqich mashg‘ulotlarida esa murakkab marshrutlar, kombinatsiyalangan to‘siqlar hamda musobaqa sharoitiga yaqinlashtirilgan mashqlar bajariladi. Bu jarayonda sportchilarning psixologik tayyorgarligi, tezkor qaror qabul qilish qobiliyati va mas’uliyat hissini oshirish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Mashg‘ulotlar davomida zamonaviy uslub va metodikalardan foydalanilib, har bir o‘quvchi-sportchining individual imkoniyatlari inobatga olinadi. Natijada yosh chavandozlar nafaqat sport mahoratini oshirib bormoqda, balki intizom, jasorat va vatanparvarlik ruhida tarbiyalanmoqda.



