Polo bo'yicha O'zbekiston chempionati g'oliblari aniqlandi

Joriy yilning 5-7 may kunlari Toshkent shahrining Chilonzor tumanida joylashgan Markaziy Ippodrom "Otchopar" majmuasida  Milliy gvardiya va O'zbekiston Polo federatsiyasi hamkorligida Milliy gvardiya Chavandozlar maktablari o'rtasida ot sportining polo turi bo'yicha O'zbekiston chempionati musobaqasiga bo'lib o'tdi.

Musobaqada Milliy gvardiya Qoraqalpog'iston Respublikasi, Toshkent shahar, Farg'ona, Andijon, Namangan, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy, Buxoro, Xorazm va Toshkent viloyatlari Chavandozlar maktablarining polo jamoalari tarkibidan iborat 120 nafarga yaqin sportchilari ishtirok etishdi.

Majmuada ot sportiga oshufta muxlislar olqishi va milliy sport ruhini o‘zida mujassam etgan tantanali lahzalar hukm surdi. Milliy gvardiya hamda Oʻzbekiston Polo federatsiyasi hamkorligida tashkil etilgan polo bo‘yicha Oʻzbekiston chempionatining ochilish marosimi yuqori saviyada bo‘lib o‘tdi.

Tadbir avvalida davlat madhiyasi yangrab, maydonga saf tortib kirib kelgan chavandozlar va sara otlar musobaqaga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Marosim davomida so‘z olgan Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari polkovnik S.Mamayusupov, Adolat sotsial demokratik partiyasi raisi Oliy Majlis qonunchilik palatasi fraksiya rahbari R.Mahmudova va O‘zbekiston Polo federatsiyasi raisi A.Rustambayevlar polo sporti nafaqat jismoniy tayyorgarlik, balki jasorat, tezkor fikrlash va jamoaviy birdamlikni talab qiladigan sport turi ekanini ta’kidladilar. Ushbu sportda sportchilar ot ustida harakatlanib, soniyalar ichida to‘g‘ri qaror qabul qilishi, raqibning harakatlarini oldindan sezishi va jamoadoshlari bilan mukammal hamkorlikda o‘ynashi lozim. Shu bois polo insonning nafaqat kuch va chaqqonligini, balki strategik tafakkuri, iroda mustahkamligi hamda mas’uliyat hissini ham sinovdan o‘tkazadigan sport turi sifatida e’tirof etiladi.

Uch kun davom etgan musobaqaning har bir bellashuvi 7 daqiqalik 2 ta taymdan iborat bo‘lib, o'yin orasida 60 soniyalik qisqa tanaffus beriladi. Shu qisqa vaqt ichida jamoalar maksimal kuch va mahoratini namoyish etadi. Polo jamoalari chavandozlari musobaqada o'zlarining kuchliligini, jasurligini epchilligini mardligini va tezkroligini namoyon etishdi. Jamoalar g'oliblik uchun kurashishdi. Bahslar esa musobaqa qoidalariga muvofiq olib borildi.

"Otchopar" maydonida haqiqiy sport maydoni kechmoqdi — har bir zarba, har bir yugurish, har bir burilish tomoshabinlarni hayajonga soldi. Chavandozlar chaqqonlik va mahoratini namoyish etib, to‘p uchun keskin kurash olib bordi.. Otlar tezligi va sportchilarning uyg‘un harakati musobaqaga o‘zgacha shiddat bag‘ishladi.

Musobaqaning yana bir hayajonli daqiqalari - ayollar jamoasi to'p surishdi — bu esa tomoshabinlar uchun noyob va qiziqarli manzara yaratdi. Noodatiy jihati shundaki, odatda erkaklar ustunlik qiladigan polo sportida bugun ayollar o‘z mahorati, tezkorligi va jasoratini namoyish etdi. Ot ustida to‘pni boshqarish, jamoaviy o‘yin va strategiya uyg‘unligi maydonga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.

Har bir jamoalar g‘alaba uchun bor kuchini ishga solmoqda — maydonda nafaqat kuch, balki taktika va jamoaviy hamjihatlik hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Tomoshabinlar esa har bir gol va muvaffaqiyatli harakatni olqishlar bilan qarshi olib, musobaqaga yanada ko‘tarinki ruh bag‘ishladi.

Bellashuvlar o'ziga xoz tarzda bo'lib, musobaqa qoidalariga muvofiq olib borildi. Musobaqaning yakuniy natijalariga ko'ra:

Oltin medalni Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi jamoasi qo'lga kiritib, musobaqa g'olibiga aylanishdi.

Kumush medalga Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi sazovor bo'lishdi.

Bronza medali esa Milliy gvardiya Samarqand viloyati Chavandozlar maktabi jamoasiga nasib etdi.

Ayollar jamoasi natajilariga ko'ra:

Oltin medalni Milliy gvardiya Samarqand viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi qo'lga kiritib, musobaqa g'olibiga aylanishdi.

Kumush medalga Milliy gvardiya Navoiy viloyati Chavandozlar maktabi jamoasi sazovor bo'lishdi.

Bronza medali esa Milliy gvardiya Jizzax viloyati Chavandozlar maktabi jamoasiga nasib etdi.

Sovrinli o'rinlarni egallagan g'olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan kubok, medal, diplom va esdalik sovg'alari bilan munosib taqdirlandilar. 

Aytib o'tish kerakki, polo musobaqasi o‘zaro tajriba almashish va polo sportini yanada rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘ldi. Shuningdek, yosh avlodni ot sportining polo turiga qiziqtirish yo‘lida muhim qadam hisoblanadi. 

Boshqa xabarlar