Buxoroda jamoaviy uloq-ko'pkari bo'yicha V-xalqaro turniri o'tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-avgustdagi PQ-5213-son qaroriga muvofiq, har yili “Navro‘z” umumxalq bayrami arafasida Qorabayir zotli otlar ishtirokida Xalqaro uloq-ko‘pkari turniri o‘tkazib kelinmoqda. Mazkur an’anaviy musobaqa milliy sport turlarini ommalashtirish, chavandozlik madaniyatini rivojlantirish va xalqaro sport aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Joriy yilda ham ushbu nufuzli musobaqa 3 kun mobaynida Buxoro viloyatining Buxoro tumanida joylashgan Milliy gvardiya “Chavandozlar maktabi” hududida o‘tkazildi.

Yildan yilga nufuzi tobora ortib borayotgan beshinchi bor o‘tkazilgan Xalqaro jamoaviy uloq-ko‘pkari turnirida Rossiya, Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iz Respublikasi davlatlari hamda O‘zbekistondan ikkita jamoa ishtirok etishdi.
Turnir oldingilariga qaraganda ham shiddatli o‘tdi. Har bir bellashuv murosasiz baxslarga boy bo‘ldi. Yakunda Qozog‘iston jamoasi Qirg‘iz respublikasi termasi bilan finalga yo‘l oldi. O‘zbekistonning ikkita jamaoasi esa bir birlari bilan 3-o‘rin uchun maydonda ot choptirishdi.

5-Xalqaro jamoaviy uloq-ko‘pkari turnirining kubogi Qozog‘iston polvonlariga nasib etdi. Ikkinchi o‘rinni esa Qirg‘iziston va 3-o‘rinni O‘zbekiston terma jamoalari qo‘lga kiritishdi.

Turnirning tantanali taqdirlash morosimi ham alohida bayramona tarzda tashkil etildi. Chavandozlar maktabi hududiga kirib kelishdanoq kamondan otish, arqon tortish, tosh ko‘tarish, o‘zbek jang san’ati, qo‘l jangi hamda tekvando kabi sport turlari bo‘yicha musobaqa va ko‘rgazmali chiqishlar turnirga tashrif buyurgan sportchilar, mehmonlar hamda turistlar qamrab oldi. Bolajonlar uchun varrak uchirish uchun ham imkoniyat yaratildi. Yana boshqa tomonda esa milliy hunarmandchilik na’munalari ko‘rgazmasi va sumalak sayllari tashkil etildi. Hudud batamom milliy koloritimizga burkandi.

Turnirning tantanali taqdirlash marosimida Sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov, Milliy gvardiya qo‘mondoni o‘rinbosari S.Mamayusupov, Buxoro viloyat hokimi B.Zaripov, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi raisi R.Adhamovlar hamda viloyat huquqni muxofaza qilish idoralari rahbarlari, xorojlik mehmonlar, sportchilar, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etishib, final uchrashuvini kuzatib borishdi.

Taqdirlash marosimida g‘olib va sovrindorlarga 100. 75. 50 mln. so‘mlik vaucherlar, diplom va medallar tantanali tarzda tashkilotchilar tomonidan topshirildi.

Mazkur turnir Xitoy, Qozog‘iston, Rossiya, Qirg‘iz Respublikalaridan tashrif buyurgan telekanallari muxbirlari hamda blogerlari tomonidan yoritib borildi.

Ma’lumot o‘rnida, ushbu turnir 2022 va 2023-yillarda Surxondaryo viloyatida, 2024-yilda Farg‘ona viloyatida hamda 2025-yilda Namangan viloyatida ko‘tarinki ruh va yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazilgan. Joriy yilgi musobaqa ham milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib qilish, chavandozlik an’analarini asrab-avaylash va sport sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Boshqa xabarlar