Xonjiza tog‘larida jasorat, sadoqat va milliy qadriyatlar jam bo‘ldi

Bugun, 17-iyun kuni Surxondaryo viloyatining eng olis va tog‘li hududlaridan biri bo‘lgan Sariosiyo tumanidagi "Xonjiza" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida Milliy gvardiya Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Qorabayir otlari mahorat maktabi hamkorligida “Vatanparvarlik karvoni” shiori ostida keng qamrovli ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va sport tadbirlari tashkil etildi.

Mazkur tadbir yosh avlodni har tomonlama barkamol inson etib tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash, harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish hamda yozgi ta’til kunlarini mazmunli va samarali tashkil etish maqsadida o‘tkazildi.

Tadbirning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqqan mas’ullar tomonidan mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan e’tibor, ularning ta’lim olishi, sport bilan shug‘ullanishi va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Shuningdek, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash, davlat xavfsizligini ta’minlash yo‘lida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning sharafli faoliyati haqida tushunchalar berilib, yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbir davomida Milliy gvardiya xodimlari tomonidan harbiy xizmatning mazmun-mohiyati, uning jamiyat hayotidagi o‘rni va ahamiyati, harbiy kasbning sharafli jihatlari haqida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi. Yoshlar harbiy texnika va zamonaviy qurol-aslahalar ko‘rgazmasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar tomonidan har bir qurol va maxsus vositaning vazifasi, foydalanish tartibi hamda xavfsizlik qoidalari haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Ko‘rgazma ayniqsa oromgoh tarbiyalanuvchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Yoshlar harbiy xizmatchilar bilan muloqot qilib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Shuningdek, belgilangan xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilgan holda kamondan o‘q uzish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilinib, ishtirokchilarga ushbu sport turi bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalar berildi. Bu esa bolalarda nafaqat sportga, balki intizom va mas’uliyatga bo‘lgan qiziqishni ham kuchaytirdi.

Tadbirning eng qiziqarli va taassurotlarga boy qismi Qorabayir otlari mahorat maktabi tomonidan namoyish etilgan ko‘rgazmali chiqishlar bo‘ldi. Tajribali murabbiylar va mohir chavandozlar ishtirokida tashkil etilgan ot sporti dasturida milliy chavandozlik an’analari, Qorabayir zotli otlarining o‘ziga xos xususiyatlari va ularning tarixiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumotlar berildi.

Yoshlar yurtimizning milliy boyligi hisoblangan Qorabayir zotli otlari bilan yaqindan tanishib, ularning parvarishi, tayyorlanish jarayonlari hamda sport musobaqalaridagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldilar. Mutaxassislar nazorati ostida otlarda sayr qilish imkoniyati yaratilgani esa bolalar uchun unutilmas taassurot qoldirdi. Chavandozlarning mahoratli chiqishlari, murakkab elementlarni katta aniqlik va chaqqonlik bilan bajarishi tadbir ishtirokchilarining olqishlariga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, tadbir doirasida sportning bir qator turlari bo‘yicha qiziqarli musobaqalar tashkil etildi. Arqon tortish, yugurish, estafeta, shaxmat-shashka va boshqa sport bellashuvlari yoshlar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratdi. Musobaqalarda faol qatnashgan va yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari va rag‘batlantiruvchi sovrinlar bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, tadbir davomida turli ma’naviy-ma’rifiy chiqishlar, vatanparvarlik ruhidagi suhbatlar va qiziqarli viktorinalar ham tashkil etildi. Yoshlar tomonidan she’rlar, kuy-qo‘shiqlar va sahna ko‘rinishlari namoyish etilib, tadbirning ma’naviy ahamiyati yanada oshirildi. Bu kabi chiqishlar bolalarning iste’dodlarini namoyon etish, ularning ijodiy salohiyatini rivojlantirish va o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qildi.

“Vatanparvarlik karvoni” doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbir yoshlarning harbiy-vatanparvarlik ruhini yuksaltirish, ularda yurt taqdiriga daxldorlik hissini shakllantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda milliy sport turlariga qiziqishni oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, olis hududlarda istiqomat qilayotgan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga keng jalb etish borasidagi ishlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Tadbir yakunida ishtirokchilar va oromgoh tarbiyalanuvchilari tashkilotchilarga samimiy minnatdorlik bildirib, bu kabi uchrashuvlar ularda katta taassurot qoldirgani, Vatanga sadoqat va yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilish kabi ezgu tuyg‘ularni yanada mustahkamlaganini ta’kidladilar. Yuqori saviyada tashkil etilgan mazkur tadbir ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar bilan yakunlandi.

Boshqa xabarlar