Gruziyada xalqaro tajriba almashish: Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi sportchilari ishtirok etdi
2026-yil 21–27-iyul kunlari O‘zbekiston Polo federatsiyasi prezidenti Aziz Rustambayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Gruziyada safarida bo‘ldi. Delegatsiya tarkibida Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi sportchilari ham ishtirok etib, gruzinlarning milliy ot sporti o‘yini — Tsxenburti (Tskhenburti) bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashdilar.
Mashg‘ulotlar Gruziyaning Kachreti shahridagi Ambassador Equestrian Base ot sporti majmuasida tashkil etildi. Unda sportchilar Tsxenburti o‘yinining qoidalari, texnikasi va amaliy jihatlarini o‘rganib, xalqaro tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
25-iyul kuni O‘zbekiston va Gruziya jamoalari o‘rtasida Tsxenburti bo‘yicha yakuniy musobaqa bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston jamoasi, jumladan Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi sportchilari, yuqori mahorat, jipslik va sport ruhini namoyon etib, munosib natijalarga erishdilar.
Mazkur xalqaro tashrif O‘zbekiston Polo federatsiyasi hamda Gruziya ot sporti tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, sportchilar malakasini oshirish va milliy ot sporti turlarini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Milliy gvardiya Toshkent shahar Chavandozlar maktabi jamoasi va O‘zbekiston Polo federatsiyasi sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda ulkan muvaffaqiyat va yangi zafarlar tilaydi.




