Prezident maktabi va Chavandozlar maktabi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Yosh avlodni har tomonlama barkamol etib tarbiyalash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish hamda sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish maqsadida Termiz shahridagi Prezident maktabi hamda Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandum ikki ta’lim muassasasi o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘quvchilarning jismoniy va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, ularni milliy qadriyatlarimiz va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida 2026–2027-o‘quv yilida Termiz shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilarini ot sportiga keng jalb etish, ularga chavandozlikning o‘ziga xos sir-asrorlarini bosqichma-bosqich o‘rgatish, ot bilan muomala qilish, uni parvarishlash va ot sporti bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga, o‘quvchilar orasida milliy ot sporti an’analarini keng targ‘ib qilish, uning tarixi va bugungi kundagi ahamiyatini yosh avlodga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Memorandum asosida o‘quvchilar uchun amaliy va nazariy mashg‘ulotlar, mahorat darslari, ochiq mashg‘ulotlar, sport tadbirlari, musobaqalar hamda turli ma’rifiy uchrashuvlar tashkil etiladi. Tajribali murabbiylar tomonidan o‘quvchilarga chavandozlikning asosiy qoidalari, ot sportida xavfsizlik texnikasi, otni boshqarish usullari va sport intizomi bo‘yicha zarur tavsiyalar berib boriladi.

Bunday mashg‘ulotlar o‘quvchilarning nafaqat jismoniy chiniqishi, balki ularda jasorat, qat’iyat, mas’uliyat, intizom, chaqqonlik, muvozanatni saqlash va tezkor qaror qabul qilish kabi muhim fazilatlarning shakllanishiga ham xizmat qiladi. Ayniqsa, ot sporti yoshlarni tabiat va hayvonot olamiga mehr, g‘amxo‘rlik va mas’uliyat bilan munosabatda bo‘lishga undashi bilan ham ahamiyatlidir.

Hamkorlik jarayonida o‘quvchilarning qiziqish va qobiliyatlarini aniqlash, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularni sportning mazkur yo‘nalishiga yanada kengroq jalb etish hamda kelgusida yuqori natijalarga erishishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, o‘zaro hamkorlik doirasida milliy ot sporti, chavandozlik madaniyati va ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan ot sporti an’analarini yoshlar orasida targ‘ib qilish, ularning milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini oshirish hamda vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.

Mazkur memorandumning imzolanishi Termiz shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish va sog‘lom avlodni tarbiyalash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Boshqa xabarlar