Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan Rus Milliy madaniyat markazi a’zolari Milliy gvardiya Chavandozlar maktabiga tashrif buyurishdi.
Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan Rus Milliy madaniyat markazi a’zolari yaqinda Milliy gvardiya Chavandozlar maktabiga tashrif buyurishdi. Ushbu tashrif ikki tomonlama madaniy va ma’naviy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qildi.
Tadbir davomida mehmonlar Chavandozlar maktabining faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ularga ot sportining o‘ziga xos jihatlari, chavandozlik san’ati, harbiy tayyorgarlik jarayonlari hamda Milliy gvardiya tizimida olib borilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Ayniqsa, chavandozlarning mahoratli chiqishlari va otlar bilan uyg‘un harakatlari tashrif buyuruvchilarda katta taassurot qoldirdi.
Rus Milliy madaniyat markazi vakillari ushbu tashrif orqali mamlakatimizda turli millat va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va o‘zaro hurmat muhitining yuksak darajada ekanini yana bir bor his etdilar. Ular Milliy gvardiya tizimida yoshlarni tarbiyalash, ularni jismonan va ma’nan barkamol etib voyaga yetkazish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadilar.
Tashrif yakunida tomonlar bunday uchrashuvlarni kelgusida ham davom ettirish, madaniy va ma’rifiy hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar. Bu kabi tadbirlar jamiyatda millatlararo totuvlikni mustahkamlash, yoshlar qalbida Vatanga sadoqat va faxr tuyg‘ularini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.




