Buyuk Britaniyalik turistlar poytaxtimizda joylashgan Milliy gvardiya Chavandozlar maktabiga tashrif buyurishdi

Davlatimiz rahbarining "Chavandozlar maktablari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq "Chavandozlar maktablari imkoniyatlaridan turizmni rivojlantirish yo‘nalishida unumli foydalanishda Chavandozlar maktablarini turistlar tashrif buyuradigan maskanga aylantirish" belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Buyuk Britaniyadagi “O’zbekiston” turizm brendi elchisi S.Ibbotson va Britaniya sayyohlik kompaniyasi “Halal travel Guide” bilan hamkorligida  mamlakatimizning turizm salohiyatini Buyuk Britaniyada keng targ’ib etish maqsadida Musulmon skautlar assotsiatsiyasi vakillarining “The Golden Age Adventure in Uzbekistan” dasturiga ko’ra tashkillashtirilgan tashrif doirasida turistlar bugun, 25-avgust kuni poytaxtimizda joylashgan Milliy gvardiya Chavandozlar maktabiga tashrif buyurishdi.

Ular maktab faoliyati, milliy ot sporti, chavandozlik san’ati va sportning kamondan otish turi bilan yaqindan tanishishdi. Tashrif davomida turistlarga chavandozlar tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar, kamondan otish bo’yicha merganlik qobiliyatalarini sinovdan o’tkazish jarayonlari namoyishi tashkil etildi.

Mazkur tadbir Chavandozlar maktablarini nafaqat sport, balki madaniy-turistik maskan sifatida rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, xorijiy sayyohlar uchun O‘zbekistonning boy madaniy merosini ochib berishga xizmat qiladi.

Shuningdek, “Halal Travel Guide” kompaniyasi vakillari kelgusida O‘zbekistonga mo‘ljallangan turizm yo‘nalishlarini kengaytirish, ayniqsa, ot sporti asosidagi tajriba turlarini yaratish rejalari borligini bildirishdi.

Bu tashrif Milliy gvardiya Chavandozlar maktablarining turizm infratuzilmasida tutgan o‘rnini mustahkamlash, xorijiy sayyohlar oqimini oshirish va mamlakatimizning xalqaro imidjini yuksaltirishga xizmat qiladi.

 

Boshqa xabarlar