Poytaxtimizda "Otliq kavaleriya" paradi bo’lib o’tdi

Bugun, 30-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Milliy gvardiya boshchiligida Toshkent shahri hamda viloyati kuch tuzilmalarining otliq bo‘linmalari ishtirokidagi, doimiy o‘tkazilishi an’anaga aylangan "Otliq kavaleriya" paradi “O‘zbekiston” mehmonxonasi avtoturargohidan Amir Temur hiyoboni bo‘ylab, “Hyatt” mehmonxonasi avtoturargohigacha bo‘lgan yo'nalishlarda bo’lib o’tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 34 yilligiga  bagʻishlangan tadbir doirasida milliy an'anamiz bo'lgan karnay surnay ijrosidagi musiqa sadolari ostida chavandozlar xizmat va sport kiyimlarida, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan holda yurib o‘tishdi.

Alohida ta'kidlash joizki, bu yilgi "Otliq kavaleriya" paradi o'zgacha tus oldi. Bu galgi paradda Milliy gvardiyaning  ayol harbiy xizmatchilari ham xizmat otlarida faol ishtirok etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

Milliy gvardiya harbiy orkestrlari tomonidan ijro etilayotgan jo‘shqin kuy-qo‘shiqlar paradga o‘zgacha fayz bag‘ishlab, tomoshabinlarda katta hayajon va zavq uyg‘otdi.

Har bir navbatdagi kuy sadolari ostida maydonni to‘ldirgan xalq olqishlar ila harbiylarga va chavandozlarga ruhiy madad ko‘rsatdi. Ayniqsa, bolalar barcha chavandozlarning chiqishlarini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

Boshqa xabarlar