Mustaqilligimizning 34 yilligi munosabati bilan Buxoroda ot sporti musobaqalari bo‘lib o‘tdi
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 34 yillik bayrami munosabati bilan mamlakatimiz bo‘ylab keng miqyosda turli madaniy, sport va vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilmoqda.
Shu munosabat bilan, “Vatan uchun, Millat uchun, Xalq uchun” shiori ostida Buxoro viloyatidagi Milliy gvardiya Chavandozlar maktabida ot sportining to‘siqlardan sakrash hamda jamoaviy uloq-ko‘pkari turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etildi.
Tadbirda professional chavandozlar va yosh sportchilar o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Ayniqsa, milliy sport turi — uloq-ko‘pkari bo‘yicha bo‘lib o‘tgan bahslar tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi. Ko‘plab sportsevarlar, faxriylar va mahalliy aholi vakillari ushbu musobaqalarning guvohiga aylanishdi.
Musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.