Ko’kdala - uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi.
Qashqadaryo viloyati Ko’kdala tumani hududida joylashgan “Uloq” maydonida Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo’yicha boshqarmasi, Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi hamda O‘zbekiston Uloq-ko‘pkari federatsiyasining viloyat bo‘limi hamkorligida yirik sport tadbiri - uloq-ko‘pkari musobaqasi tashkil etildi.
Mazkur musobaqa milliy sport turimizni rivojlantirish, yosh avlodni ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan an’anaviy sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish hamda hududlararo sport aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.
Musobaqada Qashqadaryo, Surxondaryo va Samarqand viloyatlaridan tashrif buyurgan yetuk uloq-ko‘pkari seksiyalari a’zolari bilan bir qatorda, qo‘shni Tojikiston Respublikasidan kelgan tajribali va mohir uloqchi-sportchilar ham munosib ishtirok etdilar. Shuningdek, Milliy gvardiya Qashqadaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Milliy gvardiya Chavandozlar maktabi chavandozlarining qatnashuvi musobaqaga alohida nufuz va salmoq bag‘ishladi.
Bellashuvlar davomida chavandozlar o‘z jasoratlari va yuqori sport mahoratini namoyish etib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdilar. Otlarning chaqqonligi, uloqchilarning tezkor va keskin harakatlari musobaqaning qizg‘in pallalarini yanada jonlantirdi.
Musobaqani 3000 nafardan ortiq uloq-ko’pkari ixlosmandlari katta qiziqish va hayajon bilan tomosha qildilar.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor chavandozlar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandilar.
Mazkur musobaqa milliy sportimizni targ‘ib etish, hududlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etdi.




