Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan Chovken bo‘yicha musobaqa tashkil etildi
Joriy yilning 10-fevral kuni Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan “Universal Horses Stable” ot sport klubida buyuk sarkarda va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan Chovken sport turi bo‘yicha musobaqa tashkil etildi. Mazkur tadbir milliy sport turlarini keng targ‘ib etish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish hamda ajdodlarimizning boy madaniy merosini ulug‘lash maqsadida o‘tkazildi.
Musobaqada Milliy gvardiya Sirdaryo viloyati, Toshkent viloyati hamda Toshkent shahar chavandozlar maktablari jamoalari faol ishtirok etdi. Shuningdek, Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining ikkita jamoasi hamda mezbon “Universal Horses Stable” ot sport klubi jamoasi bellashuvlarda qatnashdi.
Bellashuvlar murosasiz va qiziqarli ruhda kechdi. Har bir jamoa o‘z mahorati, tezkorligi va jamoaviy hamjihatligini namoyon etishga intildi. Chovken sporti qadimiy an’analarimizga borib taqaladigan, chavandozlik mahorati, epchillik va jasoratni talab etadigan sport turi sifatida tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida sog‘lom raqobat muhiti shakllandi, yosh chavandozlar uchun esa tajriba almashish va mahoratlarini oshirish imkoniyati yaratildi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Mazkur sport tadbiri nafaqat Bobur tavalludini munosib nishonlash, balki milliy sport turlarini rivojlantirish va keng jamoatchilikka targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi.




